Yigʻilishda bolalar va oʻsmirlar uchun moʻljallangan bir qator loyihalarning ijodiy hamda ishlab chiqarish jarayonlari muhokama qilindi.
📌 Kengashda koʻrilgan loyihalar:
🎬 “QITMIR” hajviy kinojurnalining (“Media House” studiyasi) qisman tayyorgarlik jarayoni bilan tanishildi. Aniqlangan kamchiliklar boʻyicha tegishli tuzatishlar kiritish sharti bilan loyiha toʻliq tayyorgarlik va suratga olish bosqichiga oʻtkazildi.
🎬“OʻGʻILOY” serialining ("Fox music cinema” studiyasi) tasvirga olish jarayoni boʻyicha hisobot tinglandi. Tasvirga olish davrida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish qatʼiy belgilangan holda loyiha postprodakshn bosqichiga oʻtkazildi.
📺 “Bolajon” telekanali bilan hamkorlikda suratga olinayotgan “BOLAKAY” shou-dasturining ilk soni Kengash aʼzolariga taqdim etildi. Kengash dastur konsepsiyasini kuchaytirish, mazmun va ijro sifatini oshirish boʻyicha aniq talablarni belgiladi.
📺 “Aqlvoy” telekanali bilan hamkorlikda suratga olinayotgan “POLAPON”oilaviy shouning ilk soni koʻrib chiqildi. Loyihaning umumiy yoʻnalishi ijobiy baholanib, til meʼyorlariga rioya qilish va oʻyin shartlarini yanada takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Keyingi sonlarda ushbu talablarning toʻliq bajarilishi Kengash tomonidan alohida nazoratga olinadi.
🎬 “SHOH BOBURNING BOLALIGI” tarixiy-fantastik filmining (“Meros Film Cinema” studiyasi) rejissyorlik ssenariysi, qisman tayyorgarlik jarayoni va videosinov natijalari muhokama qilindi. Filmda buyuk ajdodimizning bolalik obrazini ishonarli gavdalantirish masʼuliyati alohida qayd etildi. Bosh rol uchun nomzod tanlashda obrazga ijodiy va tarixiy jihatdan toʻliq moslik asosiy mezon etib belgilandi.
📌 Bildirilgan fikr va tavsiyalarni amaliy natijaga aylantirish, bolalar uchun yanada sifatli kontentlar yaratish uchun har bir loyiha boʻyicha aniq vazifalar va keyingi bosqichlar belgilandi.















