YouTube'da mashhur multfilm qahramonlari ishtirokidagi zo‘ravonlik yoki qo‘rqinchli syujetga ega bo‘lgan, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan minglab videolarni mutaxassislar “Elzageyt” fyenomenining yangi bosqichi sifatida ta’kidlamoqda. YouTube algoritmi bunday sifatsiz videolarni multfilm deb qabul qilayotgan bo‘lsa, ota-onalar ularning mazmunini deyarli tekshirmayapti.
“Elzageyt”
“Elzageyt” 2016-2017 yillarda YouTube'da keng tarqalgan, bolalar uchun mo‘ljallangandek ko‘ringan, lekin aslida ularning ruhiyatiga zarar yetkazuvchi, qo‘rqinchli va nomaqbul mazmundagi videolar bilan bog‘liq katta janjalning norasmiy nomi.
Bu nom ikkita so‘zdan kelib chiqqan: “Elza” Disney'ning “Muz yurak” multfilmidagi o‘ta mashhur qahramon va “-geyt” AQSHdagi “Uotergeyt” mojarosidan so‘ng katta mojarolarga qo‘shib aytiladigan qo‘shimcha.
Elza, O‘rgimchak-odam, Cho‘chqacha Peppa, Mikki Maus kabi multqahramonlar bu videolarda eng ko‘p ishlatilgani uchun janjal shunday nom oldi.
“Elzageyt”ning asosiy mohiyati nimada edi?
Tasavvur qiling, farzandingiz YouTube'da “Elza o‘yin o‘ynayapti” deb yozilgan videoni ochadi. Video yorqin ranglar, tanish musiqa va qahramonlar bilan boshlanadi. Ammo bir necha daqiqadan so‘ng, syujet butunlay o‘zgarib ketadi. Qahramonlar bir-birini uradi, kaltaklaydi, o‘g‘irlab ketadi. Yoki personajlar bir-biriga katta shprislar bilan ukol qiladi, jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazadi, qon va jarohatlar ko‘rsatiladi. Yoki bo‘lmasa O‘rgimchak-odam homilador bo‘lib qoladi, Elza tishini oldirishdan qo‘rqib baqiradi, qahramonlar bir-birining kiyimini yechadi. Hojatxona bilan bog‘liq qo‘pol hazillar, qusish, axlat yeyish kabi jirkanch sahnalar.
Video nomida "Elsa", "Spiderman", "kids", "toys", "learn colors" kabi kalit so‘zlar ishlatilgan. YouTube algoritmi buni “bolalar uchun” deb qabul qilib, uni avtomatik ravishda boshqa bolalarbop videolardan keyin tavsiya qilardi.
Bolalar yorqin ranglar va tanish qahramonlarga darrov e’tibor qaratishadi. Syujet qanchalik g‘alati bo‘lmasin, ular videoni oxirigacha ko‘raverishardi.
“Elzageyt”ning oqibatlari
Dunyo bo‘ylab ota-onalar farzandlari YouTube'da nima ko‘rayotganini nazorat qila olmayotganidan xavotirga tushishdi. Yirik reklama beruvchilar ham o‘z reklamalari bunday nomaqbul videolarda ko‘rsatilishidan norozi bo‘lib, YouTube'ga bosim o‘tkazishdi.
2017 yilning oxirlarida YouTube o‘n minglab shunday kanallarni va yuz minglab videolarni o‘chirib tashladi, bolalar kontentiga nisbatan siyosatini keskin kuchaytirdi va YouTube Kids ilovasini rivojlantirishga e’tibor qarata boshladi.
“Elzageyt” raqamli platformalar algoritmlari qanchalik zaif ekanini va bolalar ongiga ta’sir qilish orqali qanday qilib oson pul ishlash mumkinligini ko‘rsatib bergan juda xavfli hodisa sifatida tarixda qoldi.
“Xameleon kontent”
“Xameleon kontent” atamasi zararli mazmunning (zo‘ravonlik, qo‘rquv, jinsiy mavzular) tashqi ko‘rinishini o‘zgartirib, bolalar uchun xavfsiz va jozibador formatga (multfilm, o‘yin) o‘ralgan holda taqdim etishni anglatadi. Bugun sun’iy intellekt bu jarayonni misli ko‘rilmagan darajada osonlashtirdi va avtomatlashtirdi.
Bola o‘zi yaxshi ko‘rgan va ishongan qahramonlarni ko‘rganda uning miyasida avtomatik ravishda “bu xavfsiz” degan signal paydo bo‘ladi. Aynan shu ishonchdan foydalanib, mashhur qahramonlar obrazi vositasida videoga qo‘rqinchli, zo‘ravonlik yoki nomaqbul syujetlar kiritiladi.
Sun’iy intellekt buni qanday kuchaytirdi?
“Elzageyt 2”
“Elzageyt” davrida (2016-2017) bunday videolarni yaratish animatorlardan ko‘p mehnat talab etardi. Endi esa SI yordamida qisqa vaqt ichida minglab arzon va zararli videolarni yaratish mumkin. Eng yomoni, SI yaratgan videolar bir-biridan farq qilgani uchun ularni ommaviy ravishda aniqlab, bloklash ancha murakkablashdi.
Bunday kontentga qarshi kurashda eski usullar endi ish bermaydi.
Ota-onalar uchun
yangi xavfsizlik usullari
Tasdiqlangan kanallarga obuna bo‘ling. Noma’lum, yangi paydo bo‘lgan yoki avtomatik tarzda nomlangan (masalan, "Kids Fun TV 285") kanallar o‘rniga, faqat rasmiy, taniqli brendlarning (Disney, Pixar, o‘zimizdagi "Bolajon" telekanalining rasmiy sahifasi) kanallariga obuna bo‘ling.
Avtomatik ijro etishni (Autoplay) o‘chirib qo‘ying. Bu funksiya bolani bir videodan ikkinchisiga, ko‘pincha noma’lum va tavsiya qilingan “xameleon” videoga olib o‘tadi.
Farzandingiz bilan birga o‘tirib, u nima ko‘rayotganini vaqti-vaqti bilan kuzating. Agar biror shubhali videoga duch kelsangiz, vahima qilmasdan, boladan nima bo‘layotganini so‘rang va unga buning noto‘g‘ri ekanini tushuntiring. “Bu haqiqiy multfilm emas, qahramonlar bunday qilmasligi kerak” kabi oddiy jumlalar bilan vaziyatni oydinlashtiring.
Agar shunday kontentga duch kelsangiz, erinmasdan platformaning o‘ziga shikoyat qiling (Report – Child Abuse – Harmful or dangerous content). Bu algoritmlarni to‘g‘ri yo‘lga solishga va bolalarni himoya qilishga yordam beradi.
Esda tuting! “Xameleon kontent” shunchaki yomon multfilm emas. U bolalar psixologiyasining zaif tomonlarini bilgan holda, texnologiyadan foydalanib, ularning ishonchi va ongiga qilingan maqsadli hujumdir. Bunga qarshi eng samarali himoya ota-onaning sergakligi va raqamli savodxonligidir.

